 Hayotimizni komputerlarsiz tasavvur qila olmay qolganimizga ancha bo‘ldi. Bu mo‘jaz uskuna nafaqat ishxonalar, balki xonadonlarimizning ham to‘ridan joy egallagan. Ular dastlabkilariga qaraganda yanada takomillashib, ixchamlashib, imkoniyatlari ham ortib bormoqda. Komputer ishqibozlari safi bolalar hisobiga yanada ko‘payayotgani bir tomondan yaxshi, albatta. Komputerda ishlay turib bolaning bilimi ortadi, ongi rivojlanadi. Hamma yangilikning yaxshi va yomon tomoni bo‘lganidek, komputerning ham salbiy tomonlari bormi, undan foydalanishda qaysi qoidalarga rioya qilish kerak? Muxbirimiz bilan suhbatda oliy toifali shifokor Gulira'no Mahmudova ana shular haqida gapirdi. — Darhaqiqat, keyingi paytda komputerga ishqiboz bolalar va o‘smirlar ancha ko‘paydi. Tan olish kerak, komputer farzandlarimizning bilim darajasini oshirish, fikrlash qobiliyatini yanada o‘stirish, dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyatga ega. Lekin endi rivojlanib kelayotgan bola organizmiga komputerning elektromagnit maydoni salbiy ta'sir ko‘rsatishiga ota-onalar hamisha ham e'tibor beravermaydilar. Shuningdek, komputer qarshisida uzoq o‘tirish oqibatida bolaning ko‘rish qobiliyati susayadi, ko‘zlari qizarib, yoshlanadi. Komputerdan keragidan ortiq darajada foydalanish eshitish, ko‘rish, bosh miya, suyaklar tuzilishiga salbiy ta'sir etishi isbotlangan. Ba'zan internet-kafelar oldidan o‘tib qolsam, qiziqib ichkariga kiraman va achinarli holatning guvohi bo‘laman. U yerda o‘tirgan mijozlarning asosiy qismi bolalar va o‘smirlar bo‘lishadi. Ular tomosha qilayotgan filmlar va o‘yinlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Beshafqatlikni, jangarilikni targ‘ib etadi ularning ko‘pchiligi. Shuning uchun ham bunday maskanlarga kattalarning nazorati juda ham zarur deb o‘ylayman. Ayniqsa, o‘n yoshgacha bo‘lgan bolalarning internet-kafelarga kirishlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik lozim. Umuman olganda, besh yoshgacha bo‘lgan bolalarga bir kunda komputer qarshisida yetti daqiqa, olti yoshlilarga o‘n daqiqa, 12 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarga 15 daqiqa, 13-14 yoshdagi o‘smirlar 20 daqiqa, 15-16 yoshga kirgan o‘g‘il-qizlarimiz 25 daqiqa davomida o‘tirishlari va bu mashg‘ulotlarni haftada bir yoki ikki marta o‘tkazishlari yuqoridagi salbiy ta'sirlardan chetda qolishlariga sabab bo‘ladi. Ota-onalar mana shu qoidaga qat'iy rioya qilsalar, o‘zlari uchun ham, farzandlari uchun ham foydadan xoli bo‘lmaydi, albatta. Shuni alohida ta'kidlashni istar edimki, keyingi paytlarda ota-onalar farzandlarini "internet-kafe”larga yuborishni istamaganlari sabab oilalariga komputer sotib olishni ma'qul ko‘rmoqdlar. Lekin buning ham o‘ziga yarasha talablari bor. Avvalo farzandlari uchun komputer sotib olmoqchi bo‘lgan ota-ona uning qaysi turini sotib olish haqida mutaxassis maslahatini olmog‘i lozim. Qolaversa, komputer stol-stuli bolaning yoshiga, bo‘yiga mos bo‘lishi lozim. Bolaning yoshiga qarab komputer oldida o‘tirish vaqtini belgilash va xonani tez-tez shamollatib turish kerak. Eng muhimi, komputer keng va yorug‘, namlik miqdori yetarli darajada bo‘lgan xonada, boshqa elektr asboblaridan uzoq joylashtirilmog‘i lozim. Shuni unutmaslik kerakki, komputer ekraniga yorug‘lik tushib turishi mumkin emas. Aziz ota-onalar! Farzandingiz sog‘lig‘i haqida jiddiy qayg‘urish — uning kelajagi nurli bo‘lishini ta'minlashning eng muhim jihati ekanligini unutmang. Zero, sog‘lom boladan sog‘ fikr chiqadi. Agar bolangizning komputerda mukammal ishlashini, bilim va tafakkuri ortib borishini istasangiz, undan foydalanish qoidalariga rioya qiling. Shunda o‘zingizga ham, jamiyatga ham foyda keltirgan bo‘lasiz. Powered by HakkerJon |